
OIVdan qo‘rqmang — hayot davom etadi.
Bugungi kunda OIV infeksiyasi bilan yashash — hayotning tugashi emas. Ilmiy tibbiyot, zamonaviy antiretrovirus terapiya (ARVT) va eng muhimi — insonga bo‘lgan ishonch va qo‘llab-quvvatlash orqali OIV bilan yashovchi shaxslar to‘laqonli, mazmunli va samarali hayot kechirishlari mumkin.
Markazimizga tashrif buyurayotgan OIV infeksiyasi bilan yashovchi shaxslar mutaxassislarimiz tomonidan doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlanib kelinmoqda. Biz OIV bilan yashovchi insonni faqat tibbiy bemor sifatida emas, balki jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida qabul qilamiz. Shu bois, davolash jarayonida ruhiy qo‘llab-quvvatlashni eng muhim yo‘nalishlardan biri deb bilamiz.
OIV bilan yashovchi shaxslar — turli yoshdagi va turli hayotiy tajribaga ega insonlardir. Ular orasida ayollar, erkaklar, o‘smirlar va bolalar bor. Har bir insonning hayot yo‘li, oilaviy muhiti, ruhiy holati va kasallikni qabul qilish darajasi turlicha. Shuning uchun markazimizda har bir murojaat qiluvchi shaxs bilan individual suhbatlar olib boriladi. Suhbatlar davomida ularning oilaviy muhiti, kundalik hayotdagi qiyinchiliklari, ruhiy holati chuqur o‘rganiladi.
Shuningdek, OIV bilan yashovchi shaxslarning yaqinlari — ota-onasi, turmush o‘rtog‘i yoki boshqa oila a’zolari bilan ham alohida yoki xohishiga ko‘ra kichik guruhlarda psixologik maslahatlar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Chunki bemorning o‘z OIV maqomini qabul qilishi, ARVT dorilarini muntazam qabul qilishi va davolanishga sodiq bo‘lishida oila a’zolarining ruhiy qo‘llab-quvvatlashi juda katta ahamiyatga ega.
Ayniqsa, o‘smir yoshdagi o‘g‘il-qizlar bilan ishlash alohida yondashuvni talab qiladi. Bu davrda bolaning ruhiy holati nozik bo‘lib, oiladagi munosabatlar uning kelajagiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Agar bola yaqinlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, tushunilgan, o‘ziga ishongan, sabrli va irodali qilib tarbiyalansa, u ARVT dorilarini qabul qilishga va davolanishga sodiq bo‘lishi oson kechadi. Bunday bolalar kelajagini ko‘ra oladi, hayotga umid bilan qaraydi.
Afsuski, OIV bilan yashovchi shaxslar orasida davolanishdan bosh tortayotgan yoki dorilarni qabul qilishni istamaydigan holatlar ham uchrab turadi. Bunday vaziyatlarda mutaxassislarimiz sabr-toqat bilan individual suhbatlar olib borib, ARVT preparatlarining sog‘liq uchun qanchalik zarur ekanini, ular inson hayotini uzaytirishi va sifatini yaxshilashini tushuntirib beradilar. Eng muhimi, bemorni ruhan qo‘llab-quvvatlash, unga ishonch bag‘ishlashga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘smirlar guruhlarida esa psixologik amaliy mashg‘ulotlar va treninglar tashkil etiladi. Bu mashg‘ulotlar orqali bolalarning ruhiyatini barqarorlashtirish, o‘z-o‘ziga ishonchni oshirish, stressga chidamlilikni shakllantirish va ARVTga sodiqlikni mustahkamlashga yordam beriladi.
Biz mutaxassislar yaxshi bilamizki, OIV bilan yashovchi shaxsni faqat dori vositalari bilan davolab bo‘lmaydi. Agar davolash jarayonida oila a’zolari bilan hamkorlikda harakat qilinsa, oilada sog‘lom ruhiy muhit yaratilsa, natijalar yanada samarali bo‘ladi. Bunday yondashuv orqali nafaqat bemorning sog‘ligi yaxshilanadi, balki butun oilada o‘zaro ishonch, sabr va mehr-oqibat mustahkamlanadi.
Xulosa qilib aytganda, OIVdan qo‘rqish kerak emas. OIV — hayot hukmi emas. To‘g‘ri davolash, mutaxassislar yordami, oilaviy qo‘llab-quvvatlash va ijobiy ruhiy muhit orqali hayot davom etadi va yanada mazmunli bo‘ladi.
Просмотров: 8
Загрузка...