Nikohdan oldin OIV infeksiyasiga qon topshirish — nega bu muhim?

Oila sog‘lomlik va ishonch bilan boshlanadi

Oila qurish — inson hayotidagi eng muhim va mas’uliyatli qarorlardan biridir. Nikohdan oldin nafaqat his-tuyg‘ular va kelajak rejalar, balki bo‘lajak turmush o‘rtoqlarning sog‘lig‘i haqida ham jiddiy o‘ylash zarur.

O‘zbekiston Respublikasida nikohdan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibi mavjud bo‘lib, u OIV infeksiyasiga tekshiruvni ham o‘z ichiga oladi. Bu jarayon oddiy rasmiyatchilik emas, balki bo‘lajak oila va kelajak avlod salomatligini himoya qilishga qaratilgan muhim profilaktik chora hisoblanadi.

Qonunchilik asoslari

O‘zbekiston Respublikasining **“Odam immunitet tanqisligi virusi (OIV infeksiyasi) keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”**gi Qonuniga muvofiq, har bir fuqaro quyidagi huquqlarga ega:

OIV infeksiyasiga bepul va ixtiyoriy test topshirish;

test natijalari maxfiyligi kafolatlanishi;

ijobiy natija aniqlanganda psixologik va tibbiy yordam olish.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi 365-son qarori bilan tasdiqlangan “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizomga asosan, nikohlanuvchilar psixik, narkologik, tanosil kasalliklari, sil va OIV/OITS bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Mazkur tekshiruvlar doirasida:

OIV infeksiyasiga qon tahlili;

virusli gepatitlar va jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklar tekshiruvi;

profilaktik maslahatlar beriladi.

Bu chora-tadbirlar OIV infeksiyasining oldini olish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish hamda oilada mas’uliyat madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Nima uchun OIV testini o‘z vaqtida topshirish muhim?

  1. Erta aniqlash hayotni saqlab qoladi

OIV infeksiyasi qanchalik erta aniqlansa, shunchalik tez retrovirusga qarshi terapiya (RVQT) boshlanadi. O‘z vaqtida davolanish virus yuklamasini aniqlanmaydigan darajaga tushiradi va inson sog‘lom hayot kechirishi mumkin bo‘ladi.

  1. Turmush o‘rtog‘i va kelajakdagi farzandlarni himoya qiladi

Agar juftliklardan birida OIV aniqlansa, zamonaviy tibbiyot virusning yuqishini oldini olish imkonini beradi.

  1. Mas’uliyat va halollik belgisi

Test natijalarini ochiq muhokama qilish nikohlanuvchilar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi. Mas’uliyatli yondashuv sog‘lom va barqaror oilaning asosi hisoblanadi.

Jarayon oddiy: tibbiy muassasaga murojaat qilish, rozilikni rasmiylashtirish, qon topshirish va qisqa muddatda natijani olish mumkin. Barcha tekshiruvlar bepul va maxfiy amalga oshiriladi.

Maslahat va tibbiy yordam

Test natijasidan qat’i nazar, har bir murojaatchiga:

yuqumli kasalliklar shifokori maslahati;

profilaktika bo‘yicha tushuntirishlar;

zarurat bo‘lsa, psixologik yordam ko‘rsatiladi.

Agar test natijasi ijobiy bo‘lsa, bemor OITS markazida kuzatuvga olinadi va davolash darhol boshlanadi. “N=N” tamoyiliga (noaniqlanadigan = yuqmaydigan) qat’iy amal qilish orqali virusning tarqalishi oldi olinadi.

Muhim statistik ma’lumot

So‘nggi 12 oy davomida Andijon viloyatida 41 nafar nikohlanuvchi juftlikda to‘y sanasiga yaqin vaqtda topshirilgan tahlillar natijasida OIV va boshqa yuqumli kasalliklar aniqlangan. Afsuski, bunday holatlarda ayrim juftliklar to‘y marosimini bekor qilishga majbur bo‘lmoqda.

Shuningdek, o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan turmush qurgan shaxslar orasida ham OIV bilan yashovchilar uchramoqda.

Xulosa

Aziz ota-onalar va yoshlar!

Nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish — bu shunchaki talab emas, balki sog‘lom oila, baxtli hayot va mustahkam jamiyatning kafolatidir. Tibbiy natijalar olingachgina unashtiruv va to‘y sanasini belgilash eng to‘g‘ri qarordir.

Unutmang:

erta aniqlash — kech pushaymonlikning oldini oladi;

muntazam davolanish — virusni nazorat ostida ushlab turadi.

Sog‘lom oilalar — sog‘lom jamiyat poydevoridir.

 

Mualliflar:

Andijon davlat tibbiyot instituti talabasi, magistrant — A.A. Shakirov

Andijon viloyat OITSga qarshi kurash markazi mutaxassisi — M.Zaynigabdinova

 

Время в Андижане

Погода в Андижане

Загрузка...